← All writing

Qayerga va nima uchun?

Bugun “chet elda o‘qish” degan tushuncha juda soddalashib ketdi. Go‘yoki ketishning o‘zi yutuqdek. Hamma ketayapti: work and travel, o‘qish, hujjat topshirish. Ha, ketishyapti. Lekin kamdan - kam odam savol beradi: qayerga va nima uchun?

Qanaqa universitet bu? Dunyo reytingida nechanchi o‘rinda? Mayli, dunyoni qo‘yaylik - o‘sha davlatning o‘zida u universitet nimasi bilan tanilgan? Ta’lim sifati bormi, bitirgandan keyin nima beradi? Yoki faqat “chet el diplomi” degan nomi bormi?

Keyin eng noqulay savol boshlanadi: borib nima qilinadi? Ha, bor - grant yutib ketayotganlar bor. Aniq reja bilan, hunar bilan, zamonaviy kasb bilan ketayotganlar bor. Gap ular haqida emas. Gap - rejasiz ketayotganlar haqida. O‘qish bahonasida oddiy ishlarga yopishib olib, yillarini o‘tkazayotganlar haqida.

Kafeda ishlash yoki umuman hech qaysi ish yomon emas. Aslida muammo ishda ham emas. Muammo shundaki: top 100 ga ham kirmagan universitetda o‘qish uchun o‘zingni shunday holatga qo‘yish nimani o‘zgartiryapti? Agar oxir-oqibat baribir tirikchilik bilan ovora bo‘lib qolinsa, unda bu “ta’lim” qayerda qoldi?

Men hech kimni va hech narsani yomonlamoqchi emasman. Lekin rostini aytish kerak: chet el har doim ham rivoj degani emas. Ko‘pchilik uchun bu faqat qochish. Muammolardan, bosimdan, mas’uliyatdan. Lekin joy o‘zgargani bilan odamning ichki holati o‘zgarmaydi. Agar maqsad bo‘lmasa, chet el ham seni saqlab qolmaydi.

Ba’zan ketmaslik ham jasorat. Ba’zan “hali emas” deyish ham to‘g‘ri qaror. Chet el - maqsad bo‘lishi kerak emas. U faqat vosita. Aks holda, odam minglab kilometr uzoqqa ketib ham, o‘z joyida qolib ketaveradi.

Oxiri esa savol juda oddiy:
Men ketayapmanmi, yoki shunchaki hammaga ergashyapmanmi?